Kategoriya: Mahalliy yangilik
“BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Global ekologik jamg‘arma ishtirokida “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Quyidagilar:
Global ekologik jamg‘arma (GEJ) tomonidan "O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish (LDN)" loyihasini 5 yil muddatga moliyalashtirish uchun 3 776 941 AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratilgani;
loyihani amalga oshirish uchun umumiy ijrochi va texnik yordam ko‘rsatuvchi etib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilangani;
loyihani amalga oshirish davrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul ijro etuvchi organ sifatida faoliyat ko‘rsatishi;
loyiha Buxoro va Navoiy viloyatlarida amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan loyihani amalga oshirish kelishuvini imzolash;
har ikkala vazirlik huzurida loyihaga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan, jami 4 nafar xodimdan (har bir vazirlikda 2 nafardan) iborat yuridik shaxs maqomiga ega loyihani boshqarish guruhlarini tashkil etish;
loyihani boshqarish guruhlari nizomini, shtatlar jadvalini va xarajatlar smetasini FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan kelishgan holda tasdiqlash;
loyihani boshqarish guruhlariga har yili muddatli ishga qabul qilinadigan mahalliy maslahatchi-ekspertlarning oylik ish haqlari va boshqa to‘lovlarini FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan kelishgan holda tasdiqlangan stavkalar asosida belgilash;
loyiha doirasida belgilangan tadbirlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning maqsadli va tizimli sarflanishini nazorat qilish, shuningdek, sarflangan hamda o‘zlashtirilgan mablag‘lar to‘g‘risida hisobotlarni tayyorlash va tasdiqlash;
loyiha bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, sarflangan va o‘zlashtirilgan mablag‘lar to‘g‘risida hisobotlar hamda erishilgan natijalar yuzasidan ma’lumotlarni har chorakda o‘zining rasmiy veb-saytida yoritib borish orqali loyihalarni amalga oshirilishi ustidan samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ta’minlash;
Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari, tegishli vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda loyihani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
loyihani amalga oshirishda erishilgan natijalar va o‘zlashtirilgan mablag‘lar yuzasidan hisobotlarni belgilangan tartibda tegishli tashkilotlarga kiritib borish choralarini ko‘radi.